Assalomu alaykum, hurmatli hamkasblar, qadrli professor-o‘qituvchilar va aziz ustozlar!

Sizlarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!

Ustozlik — inson taqdiriga ta’sir ko‘rsatadigan, bilim va ma’rifat orqali kelajakni bunyod etishga xizmat qiladigan sharafli va mas’uliyatli kasbdir. Sizlarning ta’lim-tarbiya yo‘lidagi fidokorona mehnatingiz, ilmiy-ijodiy izlanishlaringiz, pedagogik mahoratingiz hamda yosh avlod kamoliga qo‘shayotgan munosib hissangiz alohida e’tirofga loyiq.

Bugungi kunda institutimizda ta’lim olayotgan yoshlarning bilim va salohiyatini yuksaltirish, ularni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, milliy san’at va madaniyatimizga sadoqatli mutaxassislar etib tarbiyalashda Sizlarning o‘rningiz beqiyos. Har bir shogirdning ijodiy parvozi, kasbiy muvaffaqiyati va hayotdagi munosib o‘rni zamirida ustozning bilim va tajribasi, e’tibori va ezgu mehnati mujassam.

Ishonchim komilki, Sizlarning boy tajribangiz, yuksak mas’uliyatingiz va yangilikka intilishingiz institutimizning ilmiy, ta’limiy va ijodiy salohiyatini yanada oshirish, yoshlarimizning katta marralarni zabt etishiga xizmat qiladi.

Aziz ustozlar! Sizlarni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor muborakbod etib, barchangizga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik, baxt-u saodat va faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar tilayman. Mehnatingizning eng katta mevasi bo‘lgan shogirdlaringizning yutuqlari, e’tirofi va kamoli Sizlarga doimo faxr va quvonch bag‘ishlasin!

Bayramingiz muborak bo‘lsin, hurmatli ustoz va murabbiylar!
Hurmat bilan, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti rektori Omonulla Salixov!