Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti delegatsiyasi Rossiyaning Ufa Fan va Texnologiyalar Universiteti Sibay instituti talabalari amaliyot o‘taydigan “ARTEL” xalq amaliy san’ati asarlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida talabalar uchun yaratilgan amaliyot sharoitlari, ta’lim va ishlab chiqarish jarayonining uyg‘unligi hamda kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish imkoniyatlari o‘rganildi.
Shuningdek, delegatsiya amaliyot bazasida tashkil etilgan “Yashma” toshidan tayyorlangan ijodiy asarlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ko‘rgazmada tabiiy toshning rang, tekstura va tabiiy naqshlaridan foydalanilgan badiiy hamda amaliy san’at namunalari namoyish etildi.
Tashrif xalqaro tajriba almashish, san’at va dizayn ta’limini rivojlantirish hamda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.