Oʻzbekiston–Vengriya rektorlar forumida U2U formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazildi
Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston–Vengriya uchinchi rektorlar forumi doirasida ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari rahbarlari oʻrtasida U2U (University to University) formatidagi ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvlar oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni rivojlantirish, qoʻshma taʼlim dasturlarini yoʻlga qoʻyish, akademik almashinuvlarni kengaytirish hamda ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qildi.
Muloqotlar davomida Oʻzbekiston va Vengriyaning yetakchi universitetlari rektorlari hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari — muhandislik, axborot texnologiyalari, qishloq xoʻjaligi, suv xoʻjaligi, tibbiyot va boshqa sohalarda qoʻshma dasturlarni tashkil etish, professor-oʻqituvchilar hamda talabalar almashinuvini faollashtirish, qoʻshma ilmiy markazlar tashkil etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
U2U formatidagi bunday uchrashuvlar Oʻzbekiston va Vengriya universitetlari oʻrtasida samarali akademik hamkorlikni rivojlantirish, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.