Bugun, 14-yanvar — O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Badiiy akademiyasida “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” nomli  ko‘rgazmaning ochilish marosimi va ma’naviy-ma’rifiy tadbir  bo‘lib o‘tdi.

Taniqli jamoat arboblari, ilm-fan, san'at va madaniyat sohasining yetuk vakillari, Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari ishtirok etgan tadbirning dastlabki qismi Badiiy akademiyaning Anjumanlar zalida bo‘lib o‘tdi. 

Dastlab, Vatan himoyasi yo‘lida o'z jonini ayamagan mard o‘g‘lonlar xotirasiga bag‘ishlab tayyorlangan videolavha namoyish etilib, qahramon harbiy xizmatchilarning siymosi, ularning ko'rsatgan jasorati va fidoyiligi yana bir bor yodga olindi. Mazkur video tomoshabinlarda chuqur ma’naviy taassurot qoldirdi , tinch va osoyishta hayotning naqadar bebaho ekani, u qanday fidoyilik, mardlik va jon evaziga ta'minlanayotganini teran anglashga chorladi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston xalq rassomi Akmal Nuridinov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Madjidov, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid,  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Xasanov hamda O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilovlar so‘zga chiqdi.

So'zga chiqaganlar o'z nutqlarida so‘nggi yillarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning  salohiyati oshgani, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylangani, bugungi tinch va osoyishta hayot zamirida harbiy xizmatchilarning fidoyi va mas’uliyatli xizmati turgani, o‘z hayotini ona yurt himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan harbiylarimiz bilan doimo faxrlanishimiz lozimligini alohida ta’kidlashdi. Xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan harbiylarning jasorati xalqimiz xotirasida abadiy saqlanishi, ularning nomini ulug‘lash va xotirasini e’zozlash bugungi va kelajak avlodning muqaddas burchi ekani alohida qayd etildi.

Shundan so'ng, O‘zbekiston Badiiy akademiyasining “Akademiya” galereyasida Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti professor-o'qituvchilari tomonidan yaratilgan xizmat burchini ado etish chog‘ida halok bo‘lgan 25 nafar harbiy xizmatchilarning portretlaridan iborat “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” nomli ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. 

Ko‘rgazma orqali tomoshabinlar  nafaqat qahramonlarning jasorati bilan tanishdi, balki ularning Vatan yo‘lida fido bo‘lgan hayotini yanada yaqin his qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Portretlarda aks etgan qahramonlarimiz siymosi  Vatan himoyachilariga nisbatan hurmat va ehtirom hissini mustahkamladi. 

Mazkur tadbir va ko‘rgazma Vatanimiz tinchligi, mustaqilligi va osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida jonini fido qilgan mard o‘g‘lonlar xotirasiga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi bo‘lib, Milliy armiyamizning 34 yillik shonli yo‘li hamda bugungi tinch hayotimizning naqadar bebaho ekanini yana bir bor yodga solgan muhim voqelik bo‘ldi.

5420482975528325447_121.jpg

 

5420482975528325444_121.jpg

5420482975528325445_121.jpg

5420482975528325448_121.jpg

5420482975528325449_121.jpg

5420482975528325450_121.jpg

5420482975528325451_121.jpg

5420482975528325452_121.jpg

5420482975528325453_121.jpg